"Hunarmand" uyushmasi haqida
Hunarmandchilik insonning ishlab chiqarish faoliyati bilan vujudga kelib, jamiyat rivojlanishi davomida asta-sekin dehqonchilik va chorvachilikdan ajralib chiqdi, turli ijtimoiy-tarixiy davrlar doirasida texnika rivoji bilan aloqador holda takomillasha bordi, turli ixtisosliklar (kulollik, duradgorlik, temirchilik, miskarlik, binokorlik, toshtaroshlik, oʼymakorlik, kashtadoʼzlik, koʼnchilik, tikuvchilik, toʼquvchilik, zargarlik, degrezlik, rixtagarlik, zardoʼzlik, boʼyoqchilik, kemasozlik, tunukasozlik va boshqalar)ga ajraldi. Hunarmandchilik qanday tabiiy resurslarning mavjudligiga qarab, masalan, paxta va pilla bor yerda toʼqimachilik, sifatli xomashyo bor yerda (masalan, Rishtonda) kulolchilik, jun va teri koʼp yerda toʼqimachilik va koʼnchilik, shunga qarab kosibchilik, oʼrmonlar koʼp yerda yogʼochsozlik, maʼdanlarga boy yerlarda metall ishlab chiqarish va temirchilik, dengiz va daryo boʼylarida kemasozlik va boshqalar rivoj topgan. Jamiyat taraqqiyoti bosqichlari, mehnat taqsimoti bilan aloqador holda hunarmandchilikning 3 turi shakllangan: 1) uy hunarmandchiligi; 2) buyurtma bilan mahsulot tayyorlaydigan hunarmandchilik; 3) bozor uchun mahsulot tayyorlaydigan hunarmandchilik.
Uy hunarmandchiligi oʼrta asrlarda hunarmandchilikning eng koʼp tarqalgan turi boʼldi. Hunarmandchilikning bu turi natural xoʼjalikning ajralmas qismi hisoblanadi. Shaharlar rivoji buyurtma bilan hunarmandchilik mahsulotlari tayyorlash va bozorga hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarishning jadal oʼsishi bilan uzviy bogʼliq. Natijada hunarmandchilik mahsulotlari tovarga aylandi, tovar ayirboshlash uchun ishlab chiqarildi. Davr taqozosi bilan hunarmandchilikning yangi-yangi turlari vujudga keldi. Hunarmandlar ham turli mahsulotlar tayyorlash boʼyicha ixtisoslasha bordilar. Shaharlardagi mahallalar hunarmandlarning kasb-koriga qarab shakllangan (masalan, 20-asrning boshlarida Toshkentda koʼnchilar, kulollar, egarchilar, beshikchilar, oʼqchilar, kosiblar mahallalari boʼlgan). Аyrim mahalla, kvartal, shahar, oʼlkalar hunarmandchilikning maʼlum mahsulotlari bilan shuhrat qozona boshladilar.
Hunarmandchilik tovar – pul munosabatlariga kengroq va chuqurroq tortilganligi sari tabaqalashdi. Uddaburon va serharakat hunarmandlar boyib dastlabki kapital jamgʼarilishi tufayli kapital sohibiga aylandi va ularning ustaxonalari negizida kichik zavod va fabrikalar vujudga keldi. Hunarmandchilik Yevropa shaharlarida sanoat rivojiga ham oʼz hissasini qoʼshdi (toʼqish dastgohlari takomillashdi, 14-asr oʼrtalarida Germaniyada domna pechlarining paydo boʼlishi metallurgiyada jiddiy oʼzgarishlarga olib keldi. Kapitalistik ishlab chiqarish munosabatlari hunarmandchilikning keyingi taraqqiyotiga zarba berdi, hunarmandchilikning koʼpgina sohalari tushkunlikka uchradi. Sanoat toʼntarishi oqibatida tez va arzon ommaviy ishlab chiqarila boshlagan fabrika, zavod mahsulotlari hunarmandchilik mahsulotlarini bozordan siqib chiqardi.
Rivojlangan mamlakatlarda yakka buyurtmalar va qimmatbaho badiiy buyumlar tayyorlaydigan hunarmandchilik sohalarigina (tikuvchilik, etikdoʼzlik, gilamchilik, zargarlik, oʼymakorlik va boshqalar) saqlanib qoldi.
20-asrning boshlarida esa mashinalashgan ishlab chiqarish keng yoʼlga qoʼyilishi bilan hunarmandchilik mahsulotlarining tur tarkibi va ishlab chiqarish hajmi keskin kamaydi. 20-asr davomida va 21-asr boshlariga kelib yirik industrial ishlab chiqarish qaror topgan boʼlsa-da, hunarmandchilikning mavqei saqlanib qoldi. Hunarmandchilikning bozorda segmenti kichik boʼlganidan yirik ishlab chiqarish egallay olmaydigan, talab individuallashgan oʼz oʼrni bor. Mini texnologiyaning paydo boʼlishi hunarmandchilikda tovarlarni yakka tartibda va sifatli ishlab chiqarish imkonini beradi. Bunga milliy ust-boshlar, milliy cholgʼu asboblari, mayda asbob-uskunalar, turli yodgorlik buyumlari ishlab chiqarish va xizmat koʼrsatishni kiritish mumkin. Hozirgi hunarmandchilik kichik biznes tarkibidagi yakka mehnat faoliyati va oilaviy korxonalardan iborat.
Oʼzbekiston hududida neolit davridayoq hunarmandchilikning dastlabki muhim tarmogʼi hisoblangan sopol buyumlar ishlab chiqarish va toʼqimachilik vujudga keldi (Xorazm vohasidagi Kaltaminor madaniyati, Surxondaryodagi Sopollitepa va boshqalar). Mil. av. 2-asrdan boshlab hunarmandchilik mahsulotlari savdosida Buyuk ipak yoʼli muhim ahamiyatga ega boʼldi. Oʼrta asrlarda Sharq mamlakatlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar (Аrab xalifaligida poʼlat, Oʼrta Osiyo va Hindistonda shoyi, chinni, qogʼoz) Yevropa bozorlarida qadrlandi. Hindistonda paxtadan nafis mato, Xitoyda ipak mato toʼqiydigan dastgohlar vujudga keldi, Xitoy va Oʼrta Osiyoda shisha tayyorlash texnologiyasi takomillasha bordi.
9–10-asrlarda Oʼrta Osiyoda yirik hunarmandchilik markazlari paydo boʼldi. Ip mato, gilam (Urganch, Shosh), shoyi (Marv), mis va temirdan yarogʼ-aslaha, pichoq tayyorlash (Fargʼona), shoyi matolar, shisha mahsulotlari tayyorlash (Buxoro) avj oldi. 13-asrda moʼgʼullar bosqini hunarmandchilik rivojiga zarba berdi. Temuriylar davlatining vujudga kelishi hunarmandchilik rivojiga juda katta ijobiy taʼsir koʼrsatdi.
Oʼrta Osiyoda hunarmandchilikning barcha turlari 20-asrning 20-yillarigacha saqlandi. Buxoro, Samarqand, Qoʼqon, Xiva, Toshkent kabi shaharlarning ishlab chiqarish munosabatlarida hunarmandchilik katta rolь oʼynadi (mas., 19-asrning 60-yillarida Xivada hunarmandchilikning 27 turi rivoj topgan, shahardagi bozorlarda hunarmandlarning 556 doʼkoni boʼlgan, 80-yillarda shaharda 2528 xoʼjalik hunarmandchilik bilan shugʼullangan).
Oʼzbekistondagi hunarmandchilik chuqur ixtisoslashgan boʼlib, oʼzida xilma-xil kasb-korlarni birlashtirgan. Masalan, terini qayta ishlash sohasida koʼnchilar, etikdoʼzlar, maxsidoʼzlar, kovushchilar, egar-jabduqchilar, telpakchilar, poʼstinchilar, kamarchilar; toʼqimachilik sohasida boʼzchilar, atlaschilar, gilamchilar, sholcha va namatchilar; metallni ishlash sohasida temirchilar, taqachilar, miskarlar, chilangarlar, zargarlar kabi kasblar boʼlgan. Bular hunarmandchilikning tarmoq strukturasini belgilangan.
Sharqdagi musulmon ustaxonalarida boʼlgani kabi Oʼzbekistonda chevarlik, kashtachilik bilan ayollar uyda oʼtirib shugʼullanishgan. Hunarmandchilikning ijtimoiy strukturasida usta, xalfa va shogird kabi ijtimoiy toifalar mavjud boʼlgan. Hunarmandchilikning ichki tartib va qoidalarini uning nizomi sifatidagi «Risolalar» belgilab bergan. Har bir kasbning oʼz rahnamosi, yaʼni piri va «Risolasi» boʼlgan, avloddan-avlodga oʼtuvchi odatlari va udumlariga rioya etilgan. Masalan, ish boshlashdan oldin usta oʼz pirini yodga olib undan madad soʼrash, shogirdiga fotiha berish kabi odatlarga amal qilingan.
Oʼzbekiston Rossiya mustamlakasiga aylangach, hunarmandchilik monopoliya sanoatining raqobatiga duch kelib, oʼzining ilgarigi mavqeini yoʼqotgan boʼlishiga qaramay, uning koʼp tarmoqlari saqlanib qoldi, chunki u milliy ehtiyojni qondiradigan tovarlarni, chunonchi, kiyim-kechak, idish-tovoq, turli uy-roʼzgʼor buyumlari, mayda mehnat qurollarini yaratib, ularni mahalliy bozorga yetkazib berdi. Hunarmandchilikning yashovchanligini taʼminlashda chet eldan keltirilgan xomashyo, materiallar, kichik uskunalar muhim rolь oʼynadi. Mas., АQShdan keltirilgan teri boʼyogʼidan foydalanib koʼnchilar amirkon deb nomlangan yupqa charm ishlab chiqara boshladi. Shu munosabat bilan amirkon etik, mahsi va kovushlar paydo boʼldi. Germaniyadan «Zinger» firmasining tikuv mashinalari keltirilishi bilan tikuvchilik (chevarlik) keng yoyildi.
20-a.ning 20-yillarida shoʼrolar hokimiyati qaror topishi bilan hunarmandlarning asosiy qismi dastlab artellarga, keyinchalik, zavod, fabrikalarga, badiiy buyumlar korxonalariga jalb qilindi. Ularga xomashyo, material, asbob-uskunalar davlat tomonidan yetkazib beriladigan, yaratilgan mahsulotlar doʼkonlar va matlubot kooperatsiyasi orqali sotiladigan boʼldi.
Oʼzbekiston mustaqillikni qoʼlga kiritgandan soʼng hunarmandchilik rivojida yangi davr boshlandi, xalq hunarmandchiligi bozor qoidalari zamirida qaytadan tiklandi. Oʼzbekistonda mahalliy sanoat korxonalarining birinchilar qatori xususiylashtirilishi natijasida mayda davlat korxonalari hunarmandlarning xususiy korxonalariga aylantirildi, yangi hunarmandchilik korxonalari ochildi. Hunarmandchilik faqat ichki bozorga emas, balki eksportga ham ishlay boshladi. Hunarmandchilikning tashkiliy shakli ham oʼzgardi: kichik oilaviy korxona, yakka tartibdagi mehnat faoliyati shaklida rivojlana bordi. 1995 y. 24–25 okt.da Toshkentda BMTning Oʼzbekistondagi doimiy vakolatxonasi bilan amaliy hamkorlikda Oʼzbekiston xalq ustalari va hunarmandlari 1-Respublika yarmarkasi oʼtkazildi.