Zardo'zlik san'ati

Qadimda ham, hozir ham zardo’zlik bilan shug’ullanadigan hunarmandlarni «zardo’z» deb atashadi. O’zbekiston kashtachiligini noyob turi zardo’zlik san’atisiz to’la tasavvur qilib bo’lmaydi. Bu hunarmandchilik turi o’tgan asrning o’rtalarida Buxoroda gurkirab rivojlangan. U yerda mohir ustalar amir saroyining ustaxonalarida amir va uning saroy ahli kiyadigan dabdabali kiyimlarga pardoz berishgan. Zardo’zlik odatda erkaklarga mansub bo’lgan va ular o’z hunarini bolalariga meros qilib qoldirishgan.

Zardo’zlik — qiziqarli va ijodiy ish bo’lib, u insonga ko’p quvonch keltirishi, bo’sh vaqtida ermak bo’lishi, insonni nafosat olamiga olib kirishi mumkin. Zar tikish usullarini o’zlashtirayotganda hamma narsa birdaniga yaxshi chiqmasligi mumkin, chunki zardo’zlik sabr-toqatli, e’tiborli, tartibli bo’lishni talab etadi. Chidamli bo’lish lozim. Kerakli malakalar egallagan sayin ish asta-sekin osonlasha boradi.

screenshot_1_1623925622.jpg

Zar iplardan foydalanishdan ilgari ular belgilangan chegarada uzun qilib olinadi va patilaga 4 qavat qilib, ya’ni zar o’raydigan cho’pga o’raladi. Zar iplar to’g’ridan-to’g’ri patilaga o’ralmasdan, avval oddiy ip patilaga mahkam qilib bog’lanadi, so’ng shu ipga zar iplar ulanadi. Zar iplar to’g’ridan-to’g’ri patilaga ulansa, tezda uzilib ketishi mumkin. Zar iplarni o’rayotganda ularning tekis o’ralashiga e’tibor berish zarur. Keyin zar ip bilan maxsus kartondan kesilgan gullar ustidan tikib chiqiladi.