So'zana maktablari

| 2021-06-16 13:17 | Husanboyeva Muhlisa | O'zbek milliy hunarmandchilikdagi yangiliklar

Bugun O‘zbekiston hunarmandlari nafaqat o‘z sohasini rivojlantirish, balki oilalarni kambag‘allikdan chiqarishga ham astoydil harakat qilmoqda. Nurotalik ustazoda kashtachi Gulmira Islomova ham o‘z hunar sir-asrorlarini o‘rgatish orqali “ustoz-shogird” an’anasini davom ettirishdan tashqari, ko‘plab yangi ish o‘rinlarini ham yaratmoqda.


Momomeros hunar davomchisi

gfhyjyk_1624013453.jpg

Nurota kashtachiligi azaldan keng rivojlanib, Yevropada ham dovrug‘ qozongan. Bu tumanda momomerosni ardoqlab kelayotgan sulola vakillari ko‘pchilikni tashkil etadi. Gulmira Islomovaga ham so‘zana tikish momomeros hunar. U Nurota kashtachiligi an’anasini davom ettirayotgan beshinchi avlod vakili.

Sulola davomchisi sifatida kashtachilikni yanada keng ommalashtirish niyatida tadbirkorlik faoliyatini boshlashga qaror qildim. 2017-yili “Nur so‘zana” milliy kashtachilik korxonasiga asos soldik. Hozir bu yerda o‘ttizdan ziyod turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Ayollar kostyumi, dasturxon, yostiq, ko‘ylak, so‘zanalarni deyarli buyurtma asosida tikamiz. Mahsulotlarimizning barchasi qo‘l mehnati bilan yaratiladi. Kashtalarga ishlatiladigan iplarni ham qadimiy uslubda o‘zimiz tayyorlaymiz.

“Yuzlab xotin-qizlarni ishli qildik”

hpo_1624013584.jpg


Milliy hunarmandlik san’atining faol targ‘ibotchisi hisoblangan “Hunarmand” uyushmasi a’zosining kashtalarida nafislik, o‘tkir va yorqin ranglar aks etadi, naqshlar xilma-xilligi kishini to‘lqinlantiradi. U o‘z mehnat mahsullarida milliy kashtachilik va so‘zana san’atida o‘simliksimon va gullar tasviri tushirilgan naqsh kompozitsiyalarini keng qo‘llaydi, anor, anorgul, bodomgul singari oftoba naqshlar bardavomligini ta’minlashga e’tibor qiladi. Uning aytishicha, kashtalardagi anor, bodom shaklli naqshlar serfarzandlik, baxt, mehr-muhabbat, totuvlik ma’nolarini anglatadi.