Xalqaro hunarmandchilik festivali – xalqlar madaniyatini bogʻlovchi muhim koʻprik

| 2021-06-22 18:51 | Husanboyeva Muhlisa | Maqolalar

Oʻzbekiston – ming yillar davomida Buyuk Ipak yoʻlida alohida ahamiyat kasb etib kelgan zamin. Tarixiy shaharu qishloqlarimiz koʻp. Lekin Sharqu Gʻarbni bogʻlovchi koʻpriklar, madaniyatlar birlashgan maskanlar orasida Fargʻona vodiysi oʻzgacha oʻrin tutadi.

Tarixiy manbalar vodiyda hunarmandchilikning juda koʻp turi, ayniqsa, kulolchilik, ipak va abrli matolar toʻqish, yogʻoch oʻymakorligi, pichoqchilik, doʻppidoʻzlik keng rivojlanganidan guvohlik beradi. Bu mahsulotlar savdo karvonlari orqali butun dunyoga tarqalgan.

Oʻzbekistonda koʻpchilik kundalik hayotining ajralmas qismi boʻlgan hunarmandchilik sanʼati, xususan, yogʻoch oʻymakorligi, ganchkorlik, kulolchilik, toʻqimachilik, zardoʻzlik, sozgarlik, kandakorlik, zargarlik necha-necha ming yillik tarixga, oʻziga xos ijodiy maktab va anʼanalariga, atoqli namoyandalariga ega. Mohir ustalar tomonidan tayyorlangan koʻplab badiiy hunarmandchilik va amaliy sanʼat mahsulotlari bugungi kungacha dunyoning mashhur muzeylarida saqlanishi ularning jahon xalqlari tarixida muhim oʻrin tutishidan dalolat beradi.

Shunday omillar sabab boʻlsa kerak, bu noyob sanʼatning koʻplab yoʻnalishlarida samarali faoliyat koʻrsatganlar, ularga izdosh va voris boʻlgan isteʼdodli hunarmandlar doimo el-yurt orasida hurmat-ehtiromga sazovor boʻlib, “usta“, “ustazoda“ degan sharafli nomlar bilan eʼzozlanadi.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan soʻng milliy madaniyatimizning barcha sohalari qatori hunarmandchilikni, uning anʼana va maktablarini tiklash, rivojlantirish va targʻib etishga ham alohida eʼtibor qaratildi. Keyingi yillarda ana shu boy madaniy merosimizni asrab-avaylash, xalq badiiy va amaliy sanʼatini yanada rivojlantirish, bu borada tarixiy anʼanalarni izchil davom ettirib kelayotgan mohir ustalarning mashaqqatli mehnatini munosib ragʻbatlantirish maqsadida tegishli farmon va qarorlar qabul qilinib, ularga yangi imkoniyat va imtiyozlar yaratildi.

Bunday amaliy saʼy-harakatlar natijasida yurtimizda milliy hunarmandchilik sanʼati jadal rivojlanmoqda. Misol uchun, 2017-yilgacha “Hunarmand“ uyushmasining 10 mingga yaqin aʼzosi boʻlgan boʻlsa, bugungi kunga kelib ularning soni qariyb uch barobar koʻpaydi.